25/08/2026

Aniq statistika — to‘g‘ri qarorlar uchun muhim asos. Shu maqsadda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi tomonidan umumta’lim muassasalarida statistik ma’lumotlarni to‘g‘ri, aniq va sifatli shakllantirishga qaratilgan amaliy seminarlar davom ettirilmoqda.

 24-avgust kuni boshqarmaning Turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi tomonidan Toshloq tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida navbatdagi amaliy seminar tashkil etildi. Seminarda tumandagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Tadbirda Turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi boshlig‘i M. Rahimova hamda bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari R. Kodirovalar qatnashib, “1-umumta’lim” statistik hisobotini to‘g‘ri va sifatli to‘ldirish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berdilar. Shuningdek, statistik ma’lumotlarni shakllantirishda xolislik, haqqoniylik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ham muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berilib, hisobotni to‘ldirishda uchrashi mumkin bo‘lgan muammolar bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.