26/08/2026

Aniq va ishonchli statistika — ta’lim tizimini samarali rejalashtirish va rivojlantirishning muhim asosi. Shu maqsadda Oltiariq tumanidagi umumta’lim muassasalari vakillari uchun “1-umumta’lim” statistik hisobotini to‘ldirish tartibiga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.

 25-avgust kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining Turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi tomonidan  “1-umumta’lim” statistik hisobotini to‘ldirish va shakllantirish tartibi, undagi ko‘rsatkichlarni to‘g‘ri aks ettirish, ma’lumotlarni tayyorlashda yo‘l qo‘yiladigan xatolar hamda amaliyotda uchraydigan muammoli holatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

 Ishtirokchilarga statistik hisobotlarda har bir ko‘rsatkichni aniq, to‘liq va haqqoniy aks ettirishning ahamiyati misollar orqali tushuntirildi. Chunki sifatli statistik ma’lumotlar ta’lim tizimining mavjud holatini xolis baholash va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilashda muhim manba hisoblanadi.

 Seminar yakunida statistik ma’lumotlarni shakllantirishda xolislik, haqqoniylik va shaffoflik tamoyillariga amal qilish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.