O‘zbekiston Respublikasida Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabr kungi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi. Aholini ro‘yxatga olish – davriy oraliqda mamlakat hududidagi va uning kichik aholi punktlaridagi aholining rasmiy hisobga olish bo‘lib, barcha aholining ijtimoiy va demografik tavsiflari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish hisoblanadi.
Shu sababli aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy va metodik prinsiplarini, dasturiy-texnik ta’minoti va ma’lumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan o‘tkazish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlaridagi mas’uliyatini yanada oshiradi. Qarorga muvofiq respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ishda ro‘yxatga olish sanasidan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar hisobga olinmaydi. 2023- yil 1- noyabrdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlari to‘ldirilmaydi, biroq ushbu sanadan keyin vafot etgan shaxslar uchun to‘ldiriladi. Bunda vafot etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega oila a’zolari yoki mahalla idorasidagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.
“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi.
Ixtiyorjon Shokirov,
Uchko‘prik tumani statistika bo‘limi boshlig‘i.