Joriy yilning 6-aprel kuni Bag‘dod tumaniga qarashli mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabr kungi “O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yhatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-sonli qarorining mohiyati va mazmunini tushuntirish bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyat statistika boshqarmasining “Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish” bo‘limi mutaxassisi G‘.Mamajonov hamda Bagdod tumani statistika bo‘limi xodimlari tomonidan аholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari ijtimoiy himoya, investitsiya, uy-joy, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm, ta’lim, yo‘l qurilishi va infratuzilma kabi manzilli dasturlarning tayyorlanishi va amalga oshirilishida xizmat qilishi hamda kelgusida aholini ro‘yxatga olish natijalariga asoslanib, ushbu dasturlarni amalga oshirish natijalarini baholash, iqtisodiy prognozlash va demografik siyosatni shakllantirish mumkinligi haqida atroflicha tushuncha berib o‘tildi.
Bundan tashqari mazkur jarayonga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha joylardagi mahalla fuqarolar yig‘ini zimmasiga yuklatilgan vazifalar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Chunonchi, mahallalardagi barcha ko‘chalarning nomlari belgilarining ilingan bo‘lishi, mahalladagi har bir xonadon sohiblari bilan uylarni raqamlashtirish bo‘yicha yuzma-yuz suhbat o‘tkazilishi hamda mahallaning xaritasida ko‘rsatilgan turar va noturar obyektlarni haqiqatda mavjud yoki mavjud emasligini solishtirish kabi ishlar amalga oshirilishi lozimligi uqtirib o‘tildi. Yig‘ilish so‘ngida mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga yuqoridagi masalalar bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Axborot xizmati.