Joriy yilning 8-aprel kuni Beshariq tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabr kungi “O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yhatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-sonli qarori mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyat statistika boshqarmasining “Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish” bo‘limi mutaxassisi G‘.Mamajonov tomonidan aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanishi, aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumotlar olishning yagona manbai bo‘lib xizmat qilishi haqida axborot berildi.
Bundan tashqari qarordan kelib chiqib, mahallalardagi barcha ko‘chalarning nomlari belgilarining ilingan bo‘lishi, mahalladagi har bir xonadon sohiblari bilan uylarni raqamlashtirish bo‘yicha suhbat o‘tkazilishi hamda mahallaning xaritasida ko‘rsatilgan turar va noturar obyektlarni haqiqatda mavjud yoki mavjud emasligini solishtirish kabi ishlar amalga oshirilishi lozimligi uqtirib o‘tildi. Yig‘ilish so‘ngida mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga yuqoridagi masalalar bo‘yicha tegishli tartibda topshiriqlar berildi.
Axborot xizmati.