“Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni
sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga
qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga
jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun
talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy
choralar ko‘rishimiz zarur”.
Sh.M.Mirziyoyev.
Darhaqiqat taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli.
Shu boisdan ham davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z vakolatiga kirishishi bilan Prezident sifatida imzo chekkan eng birinchi hujjat “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bo‘ldi. Ushbu qonun me’yorlarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida Prezidentning 2017-yil 2-fevraldagi qarori bilan “2017-2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi” qabul qilindi. Dastur doirasida bir qator qonun loyihalari ishlab chiqildi, mavjudlari inventarizatsiyadan o‘tkazildi. Umuman olganda, so‘nggi yillarda qilingan ishlar tahlili aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilganini ko‘rsatib turibdi.
Shundan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish muhim ahamiyatga ega. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini taqozo qilmoqda. Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ham ayni shu maqsadni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir.
Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin.
Farmonning tub mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, korrupsiyaga qarshi nafaqat huquqni muhoza qiluvchi idoralar va davlat tashkilotlari, balki jamoatchilik nazorati instituti imkoniyatidan ham keng foydalanish belgilab qo‘yilganini ko‘rishimiz mumkin.
Birinchidan, farmonda jamoatchilik nazoratini olib borishda muhim o‘rin tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish alohida belgilangan.
Ikkinchidan, joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlab borish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalarini tashkil etish tavsiya qilingan.
Uchinchidan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish, ushbu sohadagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan xabar bergan shaxslarni himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish ta’kidlangan.
To‘rtinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta’minlash va ularni korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o‘tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, farmonda davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirib borish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish vazifasi belgilab berilgan. Bu norma, albatta, har bir mansabdor shaxsdan xulosa chiqarishni talab etadi.
Vaholanki, bugun har bir davlat xizmatchisi va huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari xodimlarining fe’l-atvoriga O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga bo‘ysunish va ularni hurmat qilish odobini singdirib borish o‘ta muhim vazifadir. Jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgan hozirgi davrda mansabdor shaxslarning huquqiy bilimi va madaniyati darajasiga nisbatan alohida talablar ishlab chiqish, qonunlarga hurmatsizlik qilgan mansabdor shaxslar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali ko‘rsatib berish, albatta, o‘z samarasini beradi. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashning ustuvor vositasi sifatida davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi hamda faoliyatining shaffofligini oshirish ko‘zda tutilgan. Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon jamiyatda adolatlilik g‘oyasi, barchaning qonun oldida tengligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim hujjat hisoblanadi. Adolat ustuvor bo‘lgan mamlakatda esa taraqqiyot, xalq farovonligi, islohotlar samarasi ta’minlanadi.
D.Teshaboyev,
Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti.