27/12/2024

Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov qatnashib, kun tartibiga qo‘yilgan birinchi masala – Xafta davomida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi. Ma’ruzada O‘zbekiston Respublikasining "2025- yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘RQ-1011-son Qonun qabul qilinganligi, 2025-yil uchun birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlari tasdiqlanganligi, birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika budjetidan ajratiladigan budjet mablag‘laridan faqat 2025 moliya yili davomida foydalanilishi va ular kelgusi moliya yiliga o‘tkazilmasligi, 2025- yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilanganligi, 2025-yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari, tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalari, chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekistonga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlarning stavkalari tasdiqlanganligi shu va boshqa ma’lumotlar ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2025–2027- yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 454-sonli qarori qabul qilinganligi, qarorga ko‘ra, 2025- yil 1- yanvardan, budjet tizimining budjetlari hisobidan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridlariga asosan qurilish muddati uch oydan kam bo‘lgan obyektlarga birinchi oyda obyekt qiymatining 30 foizi miqdorida avans mablag‘lari ajratilishi, keyingi to‘lovlar belgilangan tartibda moliyalashtirilishi, 2026- yil 1- yanvargacha sinov tariqasida, loyiha-smeta hujjatlarining qiymati BHMning 6 ming baravaridan ortiq bo‘lgan loyihalar ekspertizadan o‘tkazilishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Shundan keyin, kun tartibidagi qo‘yilgan ikkinchi masala - “Korrupsiyaga qarshi kurash - asosiy maqsadimiz”mavzusida ma’ruza tinglandi. Ma’ruzada mamlakatda korrupsiya sxemalari, mehnat qilmasdan tezda boyib qolish mexanizmlari, korrupsiya va milliy taraqqiyot masalasi — yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etishi, yurtimiz aholisi bir asrlik mustamlakachilik davrida yo‘qotilgan moddiy hamda ma’naviy boyliklar o‘rnini qayta tiklash, iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy o‘zlikni asrash yo‘lida kecha-yu kunduz mehnat qilayotganligi haqida shu va boshqa ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tildi. Tadbir so‘ngida ko‘rilgan masalalar bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.