05/01/2024

Respublika miqyosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika Agentligining xodimlari ishtirok etadi, hududlarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, materiallarni avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash, dastlabki yakunlarni sarhisob qilish va natijalarni eʼlon qilish uchun viloyat statistika boshqarmalari, tumanlar va shaharlar statistika bo‘limlari xodimlari jalb etiladi. Alohida davrlarda normativ-huquqiy hujjatlar, qo‘llanma va maʼlumotnoma hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, aholini ro‘yxatga olishni moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlashda hisob-kitoblarni tayyorlash uchun qo‘shimcha ravishda shartnoma asosida shtatda bo‘lmagan yuqori malakali mutaxassislar vaqtinchalik jalb etiladi.Tuman va shahar miqyosida ro‘yxatga olish, instruktorlik, hisob va statsionar uchastkalarda ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun to‘lov-shartnoma asosida xodimlar jalb etilishi mumkin. Registratorlar shahar va qishloq aholi punktlaridagi uylarning tayyorgarlik bosqichida avval tuzilgan roʼyxatlarini va kartografik materiallarni aniqlash (aniq hududdagi uylarning haqiqatda mavjudligini tekshirish) uchun to‘lov-shartnoma asosida jalb etiladi. Registratorlarni davlat statistikasi organlari va uy-joy fondidan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlari orasidan tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasining hududiy organlari bilan birgalikda tashkil etiladi.

Davlat statistikasi organlari xodimlari, oliy taʼlim muassasalari o‘qituvchilari va yuqori kurs talabalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari o‘qituvchilari orasidan ro‘yxatga olish uchastkalari mudirlari, instruktorlar va ro‘yxatga oluvchilarni tanlab olish tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasining hududiy organlari bilan birgalikda shartnoma asosida tashkil etiladi, zarur hollarda, boshqa toifadagi shaxslar ham, ular aholi ro‘yxatini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish yoki uni o‘tkazishda ishtirok etishga rozi bo‘lgan taqdirda, bu jarayonga jalb qilinishi mumkin. Vaqtinchalik jalb etiladigan xodimlarga ismlari yozilgan nishonlar (guvohnomalar) beriladi. Bunda xodimning yashash joyi tekshirilayotgan aholi punktiga qatnash uchun qulay bo‘lishi kerak.

Aholini ro‘yxatga olish sanasining “nozik vaqt”i haqida nimalarni bilamiz ?

O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjat sanaladi. Ushbu qonunda sohaga oid bir qator tushunchalar qatorida aholini ro‘yxatga olish sanasiga aniq ta’rif berilgan bo‘lib, bu tushuncha aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat) ni ifodalaydi. Аholini ro‘yxatga olish tadbiri 10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishi mumkin. Bu tadbir bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham ma’lumotlar aniq bir vaqtda - aholini ro‘yxatga olishning birinchi kuni boshlanish soatidagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi. Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya’ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u to‘g‘risidagi ma’lumotlar aholi ro‘yxatiga kiritiladi.

G‘ulomqodir Mamajonov,
"Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni
o‘tkazish" bo‘limi I-toifali mutaxassisi.