16/04/2024

Joriy yilning 15-aprel kuni Farg‘ona shahriga qarashli “Sohibqiron Temur” MFY faollari ishtirokida hukumatimiz tomonidan yangi qabul qilingan qonunlarning mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirildi. Tadbirda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov qatnashib,  kun tartibiga qo‘yilgan birinchi masala - O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi O‘RQ-917-sonli qonunining mazmun  va  mohiyatini tushuntirish bo‘yicha ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishi, vakil o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda hamda davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi hamda o‘z faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdorligini ta’minlashi, bola huquqlari bo‘yicha vakil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanishi, qonun bilan, bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari belgilab qo‘yilganligi haqida keng va atroflicha to‘xtalib o‘tdi. 

Kun tartibidagi ikkinchi masala – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-aprel kungi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-son qarorining ahamiyati tushuntirildi. Unga ko‘ra, tuman hokimliklari zaxirasidagi 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga beriladi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi quyidagi yangi tizim joriy etilishi, 60 ming gektar yer maydonini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari  “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar (talabgorlar) o‘rtasida o‘tkazilishi, yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilganligi, zakalat puli BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida belgilanganligi, yer maydonlarini ijaraga olgan yoshlar o‘zlari turgan daftarlardan chiqarilmasligi, qarorga ko‘ra, talabgorlarga 30 yil muddatgacha kichik lotlarda “bir massiv – bir mahsulot” tamoyili asosida moyli ekinlar yetishtirishga sug‘oriladigan ekin maydonlari, bog‘dorchilik-uzumchilik yo‘nalishlari uchun ko‘p yillik daraxtzorlar yoki samarasiz bog‘lar yer maydonlari, dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilik yo‘nalishlari uchun chorva ozuqasi ekinlarini yetishtirishga mo‘ljallangan, lalmi, bo‘z, yaylov va yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlari ijaraga berilishi haqida atroflicha tushuncha berildi.

  Axborot xizmati.