12/11/2024

      BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning demografik ko‘rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o‘sib borishini ta’minlash uchun har o‘n yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

      Aholini ro‘yxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qat’iy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qat’i nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining soni, fuqaroligi, nikoh holati ya’ni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning ta’lim darajasi (o‘rta, o‘rta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xo‘jaliginining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda yetarlicha mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi.

      O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi 2020-yil 16- martda qabul qilingan O‘RQ-611-sonli Qonunining 3-moddasi me’yoriy-huquqiy hujjatning asosiy tushunchalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ro‘yxatga olish ishlarining subektlaridan biri bo‘lgan respondent tushunchasiga  ta’rif berilgan. Respondent — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.

      Ushbu qonunning 23-moddasi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga oid bo‘lib, unda bevosita aholini ro‘yxatga olish ishlarida respondentlar ishtirokini amalga oshirishning asosiy mezonlari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, respondentlar so‘rovi ular yashaydigan xonadonlarda yoki ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun ajratilgan xonalarda olib borilishi, so‘rov davlat tilida o‘tkazilishi, davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkinligi, ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldirilishi, ro‘yxatga olish davrida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga etmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga etgan a’zolari, shu jumladan vasiylar va homiylar tomonidan ma’lum qilinishi, respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldirilishi, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi ta’minlanishi, aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish taqiqlanishi belgilab berilgan. Aholini ro‘yxatga olish ishlarining samarali tashkil etilishi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga qat’iy rioya qilinishiga bevosita bog‘liqdir. Shu boisdan, ushbu jarayonda yuqoridagi qoidalarga rioya etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

 Boburxon Ahadjonov,
Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etishva uni o‘tkazish bolimi bosh mutaxassisi.