Joriy yilning 20-dekabr kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi binosida Farg‘ona viloyati hokimi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasining media-rejasiga asosan viloyatda faoliyat yuritayotgan OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirokida “Joriy yilning 11 oylik yakunlari bo‘yicha viloyatda amalga oshirilgan qurilish ishlari” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Yakubov hamda Investitsiya va qurilish statistikasi bo‘limi boshlig‘i L.Yefimovalar qatnashdilar. Anjuman davomida 2024-yilning yanvar-noyabr oyida Farg‘ona viloyatida jami 13 457,0 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur’ati 2023- yilning yanvar-noyabr oyiga nisbatan 110,5 % ni tashkil etganligi, qurilish ishlari hajmi yirik qurilish tashkilotlari, kichik korxona va mikrofirmalar hamda norasmiy sektorlarda amalga oshirilgan ishlar tarkibi bo‘yicha shakllanishi,hisobot davrida jami qurilish ishlari hajmi tarkibida yirik qurilish va boshqa tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi 2 246,0 mlrd so‘mni, kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi 6 837,5 mlrd so‘mni, viloyatda norasmiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelgan qurilish ishlarining hajmi 4 373,5 mlrd so‘m miqdorida qayd etilganligi haqida hisobot berildi. Shu bilan birga davlat mulkchiligidagi tashkilotlar tomonidan jami 291,6 mlrd so‘mlik hamda nodavlat mulkchilikdagi tashkilotlar tomonidan 13 165,4 mlrd so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilganligi, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda bina va inshootlarni qurishga 10 025,1 mlrd so‘mlik, fuqarolik obyektlarini qurishga 2 764,5 mlrd so‘mlik, iqtisoslashtirilgan qurilish ishlariga 667,4 mlrd so‘mlik mablag‘ sarf qilinganligi haqida ham ma’lumot berildi. Shundan so‘ng OAV hamda jurnalistlar tomonidan qiziqtirgan savollarga keng va atroflicha javob qaytarildi.