24/06/2025

 Joriy yilning 20-iyun kuni Farg‘ona tumani “Dilkusho” MFY faollari ishtirokida hukumatimiz tomonidan yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlari sharhiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov qatnashib, kun tartibiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyun kungi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-95-son Farmonining mazmun-mohiyati haqida ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida, davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish, davlat xizmatchilari ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish va ularni professional mutaxassis etib tayyorlashning samarali tizimini joriy qilishga qaratilganligi haqida batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-aprel kun “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 147-son qarorining mazmun va mohiyati yuzasidan tushuncha berildi. Qarorga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining ustuvor vazifalari - korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritish etib belgilanganligi, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga bo‘ysunishi va uning oldida hisobdor bo‘lishi, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarini tashkil etishning minimal mezonlari tasdiqlanganligi haqida shu va boshqa ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tildi.