Joriy yilning 8-oktabr kuni Farg‘ona davlat universitetining Iqtisodiyot fakulteti talabalari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sh. Zokirov, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil qilish va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘I A.Abdurazakov, boshqarma bosh yuriskonsulti A. Nurmatovlar qatnashd. Tadbir jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmonining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi va “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq, shuningdek, aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va farovonligi, qishloq xo‘jaligi holati, tarkibi hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash istiqbollarini baholash tizimini yaratish uchun zarur ma’lumotlar bazalarini shakllantirish maqsadida mazkur farmon qabul qilinganligi, O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazilishi, uning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi, mazkur usul orqali xarajatlar sezilarli qisqarib, 1,3 trillion so‘m mablag‘ tejalishi, shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etilishi, savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirilganligi haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni aniqlanishi, bu orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m budjet mablag‘larining samaradorligi, sohadagi xizmatlar hajmi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plami yaratilishi, ro‘yxatga olish jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi” maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorlanishi va rag‘batlantirilishi, buning uchun Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan statistika tizimini mustahkamlash loyihasining mablag‘lari yo‘naltirilishi haqida shu va boshqa ma’lumotlar ham berildi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi.