Joriy yilning 10-oktabr kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi binosida shahar va tuman statistika bo‘limi hamda tarmoq bo‘limi boshliqlari ishtirokida o‘quv seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 173-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi 629-sonli Qaroriga bag‘ishlandi. Tadbirda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘I Sh. Mamadaliyev so‘zga chiqib, qonunchilik xujjatlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Jumladan, u mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida Yevropa statistiklari konferensiyasining 2020- yildagi tavsiyalari asosida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish, 26 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining foydalanish holatini o‘rganish, chorva mollari va parrandalar sonini aniqlash orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m budjet mablag‘lari samarali sarflanishini, sohadagi xizmatlar hajmini aniqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plamini yaratish, aholi va qishloq xo‘jaligining o‘sish tendensiyalarini hududlar kesimida aniq hisob-kitob qilgan holda ijtimoiy soha obyektlarini kengaytirishga yo‘naltirilayotgan yillik 25,2 trillion so‘m mablag‘ning manzilli sarflanishini ta’minlash, viloyatimizning har bir ma’muriy-hududiy birligi va mahallalar kesimida aholining turli tavsiflari to‘g‘risida yagona statistik uslubiyot asosida xalqaro darajada taqqoslash mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirish orqali mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini va xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash maqsadlari belgilanganligi haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng, Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sh. Zokirov, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘I A. Abdurazakovlar so‘zga chiqib, ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlarini samarali tashkil etish, xususan, mahalla xaritasini qayta ko‘rib chiqish, xonadonlarning raqamlashtirish ishlari, ko‘cha nomi belgilarining ilinganligi, mahalla aholisini mazkur tadbirda faol ishtirokini hamda respondentlar tomonidan beriladigan ma’lumotlar shaffof va haqqoniyligini ta’minlash borasidagi ishlarni amalga oshirish haqida kelishib olindi. Seminar so‘ngida barcha ishtirokchilar test rejimi orqali sinov tariqasida ro‘yxatdan o‘tdilar.
Axborot xizmati.