Joriy yilning 3-aprel kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv-seminari tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi bosh yurist konsulti A.Nurmatov qatnashib, ayrim qonun hujjatlarining mazmuni-mohiyatini yetkazdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-27-sonli Farmoni mamlakatimizda statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini ilg‘or xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonida barcha subyektlarni haqqoniy va sifatli statistik ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida qabul qilinganligini, Farmonda statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi, xususan: -makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuv o‘tkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standart tavsiyalariga muvofiq takomillashtirib borish;
-integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirib borish;
-“mahalladan – respublikagacha” tamoyili bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish tizimini yaratish orqali ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash;
-xorijiy statistika organlari hamda sohaga oid xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ular yordamida kadrlar salohiyatini oshirish;
-aholi, tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari ehtiyojidan kelib chiqib yangi statistik mahsulot va xizmatlarni joriy etish belgilandi.
Shuningdek, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilib, statistika ishlarini tashkil etish tizimini yaratishga ko‘maklashish hamda rasmiy statistikani tayyorlovchilarning sohaga oid faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Respublika statistika kengashi tashkil etilganligi, Respublika statistika kengashi rasmiy statistikani yuritish tizimini rivojlantirish, muvofiqlashtirish va faoliyat ko‘rsatishiga oid masalalar bo‘yicha kollegial maslahat organi etib belgilanganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Farmonda biznesga hisobot yukini kamaytirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda statistik ma’lumotlardan foydalanish samaradorligini oshirish, kadrlar salohiyatini oshirish va jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash hamda milliy statistika tizimini xalqaro amaliyotga mos ravishda takomillashtirish bo‘yicha vazifa va topshiriqlar o‘rin olganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga 2025-yil 24-fevral kunidagi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-27-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, milliy statistika tizimini zamon talablari asosida yanada takomillashtirish maqsadida joriy yilning 13-mart kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy statistika tizimi mutaxassislari malakasini oshirish hamda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali yuqori samaradorlikka erishish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad: milliy statistika tizimi mutaxassislari malakasini oshirishda o‘qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish va xorijiy tajriba asosida statistika uslubiyotini takomillashtirish;
- har ikki yilda 3 ming nafar milliy statistika tizimi mutaxassislarini o‘qitib borish imkonini yaratish;
- yashirin va kreativ iqtisodiyotni baholash maqsadida statistika metodologiyasini takomillashtirish;
- milliy statistika tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish, innovatsion yechimlarni qo‘llagan holda ko‘rsatilayotgan raqamli xizmatlar hajmini 2 barobarga oshirishdan iborat.
Shuningdek, qaror bilan Milliy statistika tizimida mutaxassislar malakasini oshirish va tadqiqotlar olib borish tizimi yanada takomillashtiriladi.
Bunda qo‘mitaning Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi, 2026-yil 1-apreldan boshlab Institutda:
- vazirlik va idoralarning ma’muriy ma’lumotlarini yuritish, statistika uslubiyotlarini ishlab chiqish va ochiq ma’lumotlar portali bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan xodimlari uchun har ikki yilda shartnoma asosida 48 soatgacha bo‘lgan malaka oshirish kurslari;
- statistika hisobotlarini taqdim etuvchi sub’ektlar, jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari uchun zarur amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, uni moliyalashtirish manbalari hamda mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari tasdiqlandi. Jumladan:
- Institut tomonidan Jahon banki ko‘magida respublikada yashirin va kreativ iqtisodiyot ulushini statistik baholash metodikasini takomillashtirish va baholash natijalarini e’lon qilib borish;
- ushbu yo‘nalishda ishlarni tashkil etish uchun Milliy statistika qo‘mitasi shtat birliklari doirasida Institutga qo‘shimcha 6 ta shtat birligi ajratish;
- Institut tomonidan o‘quv jarayoniga professor-o‘qituvchilar hamda soha bo‘yicha mutaxassislarni mehnatiga soatbay (kunbay, ishbay) haq to‘lagan holda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etish belgilandi.
Milliy statistika qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-sentyabrga qadar malaka oshirish jarayonlarini avtomatlashtirish uchun «Ma’lumotlar va tahlil ilmi» raqamli ta’lim platformasi joriy etiladi.
Platforma Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «O’zbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash» loyihasi doirasida yaratiladi;
Platforma operatori Institut hisoblanadi;
Platformani saqlash xarajatlari Milliy statistika qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Milliy statistika tizimini raqamlashtirish hamda sohada zamonaviy xizmatlarni joriy etish maqsadida Milliy statistika qo‘mitasi huzurida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi «Raqamli statistika markazi» — Digitstat (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etilib, Markaz statistika sohasida raqamlashtirish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi yagona integrator hisoblanadi.
Mazkur qaror bilan Milliy statistika qo‘mitasi huzuridagi «Raqamli statistika markazi» — Digitstat mas’uliyati cheklangan jamiyati quyidagilar:
- Milliy statistika tizimini raqamlashtirish, sun’iy intellekt (AI) va katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) asosida zamonaviy raqamli yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish;
- statistik ma’lumotlarni taqdim etishning my.stat.uz portalini va geofazoviy portalini yaratish orqali sohada raqamli xizmatlar ulushini yanada oshirish;
- buyurtmaga muvofiq «Survey as a Service» modeli va autsorsing asosida statistik kuzatuvlar, ijtimoiy va marketing tadqiqotlar, elektron so‘rovnomalar o‘tkazish xizmatini ko‘rsatish;
- qonunchilik hujjatlari doirasida statistik va idoraviy registrlarni yaratish, integratsiya qilish va ularni takomillashtirib borish;
- tadqiqotchilar va boshqa turdagi foydalanuvchilar uchun belgilangan tartibda egasizlantirilgan mikro darajadagi ma’lumotlarni raqamli taqdim etish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;
- yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuziladigan shartnoma asosida statistik, konsalting, tahliliy, axborot va noshirlik xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish vazifalari belgilanligi tushuntirildi.

Axborot xizmati



