Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv-seminari tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi bosh yurist konsulti A. Nurmatov qatnashib, xafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmuni-mohiyatini yetkazdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-mart kuni “Farmatsevtika trmog‘ida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-35-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, 2026-yilda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan: ishlab chiqarish hajmini 8,5 trln so‘mga yetkazish; qiymati 1 mlrd AQSh dollari bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish; 800 mln AQSh dollarlik yangi investitsiya loyihalarini boshlash.
Farmonga ko‘ra, original dori vositalarining patent muddati tugagandan so‘ng 1 yil ichida: ushbu dorilarning ishlab chiqaruvchilariga texnologiyalar transferi xarajatlarining 50 foizi, biroq 50 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi; yoki mahsulotni yaratishdagi ilmiy tadqiqot xarajatlarining 50 foizi, biroq 100 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.
2027-yil 1-yanvardan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo‘lgan korxonalarga ularning ishlab chiqarish liniyalarida sertifikat amal qilish muddatida biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti va “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti (Institut) tashkil etiladi.
Shu bilan birga xafta davomida O’zbekiston Respublikasi Prenzidentining 2026-yil 06-mart kunidagi “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-87-son qarori qabul qilindi.
Pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratiladi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan: pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi; o‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi (O’rmon agentligi) balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ a’zosi hisoblanadigan kambag‘al oilalarga (1 ta oilaning 1 nafar a’zosiga faqat 1 marta) 4 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi; ipak qurtini parvarishlashda zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun kasanachilarga 3 yil muddatga BHMning 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi; urug‘chilik korxonalariga ipak qurti urug‘larini tayyorlash faoliyatiga jalb etiladigan har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilib beriladi.
Pilla yetishtiruvchilarga subsidiya ajratiladi. 2026-yil 1-sentabrga qadar “pillachilik.uz” elektron platformasi (Platforma) ishga tushiriladi. Bunda: mavjud tutzorlar yer maydonlari, pilla yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar ro‘yxati, maqsadli ko‘rsatkichlar va tuzilgan shartnomalar, ipak qurti urug‘ining tarqatilishi hamda pilla hosilini qabul qilish jarayonlari Platformada aks ettirib boriladi;
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prenzidentining 2026-yil 13-mart kunidagi “Agrar sektorni zamonaviy qishloq ho‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashning navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-97-son qarori qabul qilindi.
Endilikda agrar sektor zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlanadi. Ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jaligida mexanizatsiyalash darajasini oshirish, jumladan, 2026- yilda paxtani mashinalar yordamida terib olish ulushini 70 foizgacha yetkazish etib belgilandi.
2026-yildan imtiyozli kredit va lizing shartlari asosida yetkazib beriladigan paxta va g‘alla kombaynlari bo‘yicha kredit va lizing to‘lovlarini to‘lash muddati ushbu texnikalarni xarid qiluvchilar uchun yiliga 2 marta 31-yanvar hamda 31-iyul sanalari etib belgilanganligi tushuntirildi.

Axborot xizmati



