Navbatdagi davra suhbati joriy yilning 17-aprel kuni Farg‘ona shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrrufidagi 11-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etildi.
Tadbirida Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi bosh yurist konsulti A.Nurmatov qatnashib, yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan ma’ruza qildi. Unga ko‘ra, endilikda elektron tijorat sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-136-son qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor – bond ombori tashkil etiladi.
Eksperiment doirasida: bond ombori erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi; bond omboridan tovarlarni sotish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritilgan maxsus elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi; bond omboriga tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi hamda ushbu tovarlarni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi; bond omboridan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi; bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarishda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati choralari qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, joriy yilning 15-aprel kuni “Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi PQ-138-son qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan: vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori tadbirkorning tanloviga ko‘ra quyidagi shakllardan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin: vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori topshirilgan kundan boshlab 1 oy muddatda jarima miqdorining 50 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etish; qo‘llangan moliyaviy jarima summasini 6 oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash; vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablag‘lar, shu jumladan, moliyaviy jarima hamda penya yo‘naltirilgan manbalar hisobidan 15 kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi; yuqoridagi belgilangan muddatda qaytarilmagan summaga nisbatan qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300 dan biriga teng miqdorida foiz to‘lanadi.
Moliyaviy jarimalarni qo‘llash jarayonlariga raqamli texnologiyalar joriy etiladi. Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlarga nisbatan qo‘llangan moliyaviy jarimalarning elektron reyestri joriy etiladi.
Bunda vakolatli organlarning moliyaviy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari ular qabul qilinganidan so‘ng 3 ish kunida majburiy tartibda ushbu elektron reyestrga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda, mazkur jarayon to‘liq raqamlashtirilgan hollarda esa bunday qarorlar o‘zaro integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda kiritiladi; elektron reyestrga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va ular asosida moliyaviy jarima undirilmaydi; elektron reyestrda tadbirkor tomonidan sodir etilgan qilmishning takroriyligiga oid ma’lumotlar bazasi yuritiladi va xavfni boshqarish tizimi yordamida tahlil qilib boriladi.
2027-yil 1-aprelga qadar soliq to‘lovchi – tadbirkorning shaxsiy kabineti orqali vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari ustidan sudga onlayn shikoyat berish imkoniyati yaratiladi. Bunda ish yurituvga qabul qilingan shikoyatlar bo‘yicha qarorlarning ijrosini to‘xtatib turish haqida sud tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar avtomatik ravishda xabardor qilinadi.
Shuningdek, davra suhbatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning burchimiz” mavzusida ma’ruza tinglandi.


Axborot xizmati



