08/06/2026

Biznesni ro‘yxatga olish — mamlakatdagi korxona, tashkilot va tadbirkorlik subyektlari, ularning faoliyat turi, joylashuvi, ishchilar soni, aylanmasi, mulkchilik shakli hamda boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tizimli hisobga olish jarayonidir.

U oddiy korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan farq qiladi. Statistik ma’noda mazkur jarayon iqtisodiy ro‘yxatga olish, biznes-registr va korxonalar to‘g‘risidagi statistik hisob tushunchalariga yaqin.

Dastlabki bosqich: soliq va savdo hisoblari

Biznes subyektlarini hisobga olishning ilk ko‘rinishlari davlatlarning soliq yig‘ish, savdoni nazorat qilish va hunarmandchilik faoliyatini tartibga solish ehtiyojidan kelib chiqqan.

Qadimgi Misr, Rim, Xitoy va Sharq davlatlarida yerlar, hunarmandlar, bozorlar, savdo karvonlari, ustaxonalar hamda soliq to‘lovchilar to‘g‘risida turli ro‘yxatlar yuritilgan.

Bu ro‘yxatlar hozirgi statistik biznes-registrlar darajasida bo‘lmagan bo‘lsa-da, ularning asosiy maqsadi iqtisodiy faoliyat yurituvchi subyektlarni aniqlash va davlat boshqaruvini ta’minlashdan iborat edi.

Sanoat inqilobi: korxonalarni alohida hisobga olish

XVIII–XIX asrlarda sanoat inqilobi natijasida fabrika, zavod, kon, savdo uylari va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari soni keskin ko‘paydi. Shu bois davlatlarda nafaqat aholini, balki ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatini ham alohida hisobga olish zarurati paydo bo‘ldi.

AQShda iqtisodiy ro‘yxatga olish tarixi 1810- yilda o‘tkazilgan ishlab chiqarish ro‘yxatidan boshlangan. Keyinchalik ushbu tizim chakana va ulgurji savdo, qurilish, konchilik hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini ham qamrab olgan.

XX asr: iqtisodiy ro‘yxatga olishning rivojlanishi

XX- asrga kelib, biznesni ro‘yxatga olish milliy statistika tizimlarining muhim qismiga aylandi.

Korxonalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar:

— yalpi ichki mahsulot va milliy hisoblar tizimini shakllantirish;

— sanoat, savdo, qurilish va xizmatlar statistikasini yuritish;

— kichik biznes va tadbirkorlik holatini baholash;

— hududiy iqtisodiy rivojlanishni tahlil qilish;

— davlat siyosati va biznes muhitini takomillashtirish uchun qo‘llanila boshlandi.

AQShda 1902 yilda doimiy Aholini ro‘yxatga olish byurosi tashkil etilganidan keyin ishlab chiqarish ro‘yxatlari muntazam o‘tkaziladigan tizimga aylandi. 1905- yilda esa ishlab chiqarish ro‘yxati aholi ro‘yxatidan alohida tashkil etildi.

Zamonaviy bosqich: statistik biznes-registrlar

Bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar biznes subyektlarini faqat bir marta ro‘yxatga olish bilan cheklanmaydi. Asosiy e’tibor doimiy yangilanib boradigan statistik biznes-registrlarga qaratilgan.

Statistik biznes-registrlar:

— faol korxonalarni aniqlash;

— statistik kuzatuvlarni tashkil etish;

— ma’muriy ma’lumotlarni birlashtirish;

— biznes demografiyasini tahlil qilish;

— yangi tashkil etilgan va faoliyatini tugatgan korxonalarni hisobga olish imkonini beradi.

Yaponiya tajribasi

Yaponiyada iqtisodiy ro‘yxatga olish barcha muassasa va korxonalarni qamrab olishga qaratilgan.

Unda korxonaning nomi, joylashuvi, boshqaruv shakli, faoliyat turi, sotuv hajmi, xarajatlari va kapital qo‘yilmalari kabi ma’lumotlar yig‘iladi. Olingan natijalar davlat siyosatini ishlab chiqish, hududiy rivojlanishni baholash va biznes rejalashtirishda qo‘llaniladi.

Xulosa

Dunyo tarixida biznesni ro‘yxatga olish uch asosiy bosqichdan o‘tgan:

soliq, savdo va hunarmandchilik faoliyatini hisobga olish;

sanoat inqilobi davrida fabrika, zavod va ishlab chiqarish subyektlarini ro‘yxatga olish;

zamonaviy iqtisodiy ro‘yxatga olishlar va statistik biznes-registrlarni shakllantirish.

Bugungi kunda biznesni ro‘yxatga olish korxonalar sonini aniqlash bilangina cheklanmaydi. U iqtisodiyotning haqiqiy tarkibi, faol tadbirkorlik sub’ektlari, ish o‘rinlari, hududlarning iqtisodiy salohiyati va biznes muhitini baholashda muhim statistik vosita hisoblanadi.