10/07/2026

Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026- yilning yanvar–may oylari yakunlari bo‘yicha Qo‘qon shahri iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarida ijobiy o‘sish sur’atlari saqlanib qoldi.

 2026- yil 1- iyun holatiga shaharda 3 939 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bu esa Qo‘qonda ishbilarmonlik muhiti tobora yaxshilanib, yangi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

 Hisobot davrida 3 trln 367,4 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sanoat ishlab chiqarishining fizik hajm indeksi 107,8 foizni tashkil etib, tarmoqda ishlab chiqarish hajmi barqaror o‘sishini ta’minladi.

 Xizmatlar sohasi shahar iqtisodiyotining eng faol yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yanvar–may oylarida bozor xizmatlari hajmi 2 trln 882,5 mlrd so‘mga yetdi. O’tgan yilning mos davriga nisbatan xizmatlar hajmi 20,0 foizga o‘sdi.

 Savdo sohasida ham yuqori natijalar qayd etildi. Chakana savdo aylanmasi 113,6 foiz, ulgurji savdo aylanmasi esa 119,8 foizga o‘sib, shaharda ichki bozor faolligi va iste’mol talabi izchil ortganini namoyon etdi.

 Qurilish tashkilotlari tomonidan 484,1 mlrd so‘mlik ishlar bajarildi. Qurilish ishlarining o‘sish sur’ati 96,6 foizni tashkil etib, shaharda uy-joy va infratuzilma ob’ektlarini barpo etish ishlari davom etayotganini ko‘rsatdi.

 Umuman olganda, Qo‘qon shahrida sanoat, xizmatlar, savdo va qurilish sohalarida kuzatilayotgan natijalar shahar iqtisodiyotining barqaror rivojlanayotganini, tadbirkorlik uchun yaratilgan imkoniyatlar kengayib borayotganini hamda hududning iqtisodiy salohiyati tobora mustahkamlanayotganini tasdiqlaydi.