19/02/2024

Joriy yilning 16-fevral kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida hukumatimiz tomonidan yangi qabul qilingan qaror va qonunlarning mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov kun tartibiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024-yil 9-yanvardagi PF–8-son Farmoni hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 09-yanvar kungi “Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-8-son Qarori mazmun – mohiyati yetkazish yuzasidan ma’ruza qildi. 

Xususan, ma’ruzachi o‘z so‘zida Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-martdan litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinishi, 2024-yil 1-martdan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga qo‘llanilgan jarima summasi miqdorining 50 foizi 15 kun ichida, 70 foizi 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langanda, huquqbuzar jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish jarayonida video aloqa vositalari yordamida talabgorlarning litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab va shartlariga muvofiqligini masofadan turib baholash tartibi joriy etilishi, tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda uning pochta manzili sifatida muassisning turar joyini ko‘rsatishga ruxsat berilishi, turoperatorlar uchun favqulodda holatlar yuzaga kelganda xavfni majburiy sug‘urta qilish tartibini joriy qilish orqali «chiqish turizmi» yo‘nalishi bo‘yicha turizm faoliyatini amalga oshirish uchun 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish bekor qilinishi, 2024- yil 1- martdan 2025- yil 1- yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish faoliyatlarini boshlash uchun uch oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan «Biznesga litsenziyasiz kirish» maxsus rejimi joriy etilishi haqida ma’ruza qildi. Shu builan bir qatorda 2023- yil 18- avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini soddalashtirish orqali biznesga ma’muriy yukni kamaytirish maqsadida ushbu qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Adliya vazirligi va Statistika agentligining 2024- yildan boshlab tadbirkorlik subyektlaridan talab qilinadigan, o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan hisobot va statistika ma’lumotlarini bekor qilish tartibi joriy etilganligi, Davlat organlari va tashkilotlari o‘zlarining axborot tizimlaridagi ma’lumotlarning tegishli sohani tartibga soluvchi davlat organlariga ularning murojaatlari asosida belgilangan tartibda taqdim etilishini ta’minlash vazifasi yuklatilganligi, davlat organlari va tashkilotlari tadbirkorlik subyektlari tomonidan topshiriladigan hisobot turlarini hamda ulardagi ma’lumotlarni maqbullashtirish choralarini ko‘rib borishi, davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida raqamli hukumat tizimi doirasida ma’lumotlar almashishni kengaytirishi, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali ma’lumotlarning avtomatik tarzda shakllanishini yo‘lga qo‘yishi, davlat organlari va tashkilotlari har yili 1- sentyabrga qadar Statistika agentligiga hisobot turlarini maqbullashtirish bo‘yicha takliflarni kiritib borishi, Statistika agentligi har yili 1- dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan takliflar asosida hisobot turlarini maqbullashtirish choralarini ko‘rishi haqida ha, batafsil ma]lumot berildi. Bundan tashqari Davlat xizmatchilarida korrupsiyaga qarshi madaniyatning yuksalishi nafaqat davlat xizmatchilari, balki fuqarolarning ham hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, fuqarolarning davlat xizmatchilariga ishonchi mustahkamlanishi, ularda qonunlarga hurmat tuyg‘usining rivojlanishiga turtki berishi, bu esa, davlat organlari faoliyatida xolislikni ta’minlab, natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv sifatini oshirishga xizmat qilishi haqida ham to‘xtalib o‘tildi.