18/03/2024

Joriy yilning 18-mart kuni Toshloq tumani statistika bo‘limi xodimlari  ishtirokida hukumatimiz tomonidan yangi qabul qilingan qonunlarning mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha seminar tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov qatnashib,  kun tartibiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Kopstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-909-son qonunining mohiyati va mazmuni tushuntirildi. 

Jumladan mazkur qonunda mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berilganligi, hokimiyatlarning bo‘linishi prinsipi hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasi hisobga olingan holda, Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlanishi haqida so‘z yuritdi. Shu bilan birga qonunchilik palatasi va Senatga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berilganligi, Senat a’zolari soni 100 nafardan 65 nafarga, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari esa 7 nafardan 2 nafarga qisqartirilganligi, bu va boshqa qoidalar 2024-yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi nazarda tutilayotganligi aytib o‘tildi.  Kun tartibidagi ikkinchi masala O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-fevral kungi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-910-son qonunining mohiyati va mazmuni bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ustidan tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishiga doir cheklovlarni bekor qilishni hamda sudga shikoyat qilish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilganligi haqida so‘z yuritildi. Tadbir so‘ngida joriy yilning 22-fevral kuni “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ–911-son O‘zbekiston Respublikasi  Qonuni qabul qilinganligi, mazkur Qonun bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi,  Fuqarolik kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, jismoniy shaxs pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga yoki soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmasa, sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkinligi, Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq to‘lovlarini to‘lash, sud ajrimi asosida joriy etilgan sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomilining muddatida to‘xtatib turilishi,  bu holda sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining yoki tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan e’tiboran mazkur soliq qarzlari 6 oy ichida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi haqida ma’ruza qildi.