09/04/2024

Amir Temur ibn amir Tarag‘ay 1336- yil 9- aprelda Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag‘ay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi bo‘lgan. Amir Temur yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi. 

Amir Temur Markaziy Osiyoni mo‘g‘ullar iskanjasidan ozod etishda barcha yurtparvar kuchlarni uyushtirib, ularni mustaqillik uchun kurashga yo‘naltirgan yetakchi rahbar, yerli xalqning bu sohadagi orzu-umidlarini ro‘yobga chiqishiga ulkan hissa qo‘shgan sarkardadir; Amir Temur ko‘p yillar davomida mustamlaka bo‘lib, chet ellik hukmdorlarga bo‘ysunib kelgan Movarounnahr va Xurosonda o‘z yurti, xalqining kuch-qudratiga tayangan mustaqil va yagona davlat barpo etaold. Amir Temur ham o‘z davriga xos bo‘lgan turli sabablarga binoan boshqa mamlakatlarga yurishlar qildi va Ovro‘po mamlakatlarining rivojlanishini tezlashishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Rossiyani Oltin O‘rda zulmidan saqlab qoldi. Amir Temur o‘z siyosatida madaniyat, obodonchilik, hunarmandchilik homiysi bo‘lib tanildi. O‘z siyosati bilan madaniy yuksalishga va turkiy tilning rivojiga keng yo‘l ochib, nafaqat Markaziy Osiyoning madaniy-ma’naviy olamida, balki butun musulmon olami tarixida o‘chmas iz qoldirdi va so‘nggi rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Amir Temur qator Sharq mamlakatlari va ayniqsa, Ovro‘po mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, ular bilan turli savdo-sotiq, madaniy aloqalarga yanada keng yo‘l ochib berdi.

Axborot xizmati.