Joriy yilning 6-avgust kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov qatnashib, kun tartibiga qo‘yilgan birinchi masala – O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 05-iyun kungi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonunning mazmun – mohiyati va ahamiyati yuzasidan ma’ruza qildi. U o‘z so‘zida qonun davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etilishi, unga davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritilganligi, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanishi, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi, qonunga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshirilishi kabi haqida ma’lumotlarni taqdim etdi.

Bundan tashqari kun tartibiga qo‘yilgan ikkinchi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 18-iyuldagi “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvatlash tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-267-son qarorining mazmun – mohiyati va ahamiyati tushuntirildi. Unga ko‘ra, aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid barcha choralarni raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga o‘tish, “Ijtimoiy karta” axborot tizimini joriy etish orqali ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish va baholash jarayonlarini bosqichma-bosqich to‘liq avtomatlashtirish, ijtimoiy yordamga muhtoj toifadagi fuqarolarning ijtimoiy xizmatlardan, yordam va to‘lovlardan, shuningdek davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralaridan foydalanish uchun hujjatlarni yig‘ish zaruratini bekor qilish, davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini manzilli, qisqa muddatlarda, masofadan turib hamda proaktiv tarzda olish imkoniyatini berish, ijtimoiy sug‘urtalashni joriy qilish doirasida raqamli servislarni rivojlantirish orqali davlat va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik qilishni soddalashtirish, respublika, viloyat, tuman (shahar) va mahalla darajasida davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashini amalga oshiruvchi davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
Axborot xizmati.