16/09/2024

Joriy yilning 13-sentabr kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov qatnashib, kun tartibiga qo‘yilgan birinchi masala – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-311-son Qarorining mohiyati va ahamiyati yuzasidan ma’ruza qildi. Mazkur qonunga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar, Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar, voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari  tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘lishi, 2027-yil 1-yanvardan so‘nggi bir yil davomida kamida 6 oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshirilishi, “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari ishga tushirilishi, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida 2024-yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga joriy etilishi,  davlat tibbiy sug‘urtasining axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga joriy qilinishi, tibbiyot muassasasi rahbariga muassasaning quvvati doirasida bo‘linmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo o‘rinlari sonini o‘zgartirish hamda ajratilgan mablag‘lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati berilishi, tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat me’yorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanishi hamda 2025-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning alohida tartibi hamda shartlari tatbiq etilishi, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart hamda protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinishi haqida ma’ruza qildi.

Bundan tashqari, kun tartibidagi ikkinchi masala - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-sentabr kungi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, ularning muammolarini hal etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 557-son qarori haqida to‘xtalib, qarorga ko‘ra «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, xotin-qizlar muammolari bilan ishlash tizimini raqamlashtirish, muammolarni hal etishda inson omilini kamaytirish hamda xotin-qizlar murojaatlarini ko‘rib chiqish natijadorligini yanada oshirish maqsadi ko‘zda tutilganligi, 2024-yi l- oktabr oyidan boshlab «Xotin-qizlar.uz» platformasi doirasida Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish modulini ishga tushirilishi, muammolarni o‘rganish moduli orqali aniqlangan muammolar tegishliligi bo‘yicha «mahalla — tuman — viloyat — respublika» darajasida hal etilishini ta’minlash, «Xotin-qizlar.uz» platformasini takomillashtirish hamda doimiy texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining buyurtmanomasi asosida Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtirilishi, 2024-yil 1- oktabrgacha muammolarni o‘rganish moduliga kiritilgan masalalarni, birinchi navbatda, mahalla va tuman (shahar) darajasida, zarur hollarda esa viloyat yoki respublika darajasida hal etish va monitoringini yuritishni nazarda tutuvchi mexanizm joriy qilinayotganligi, muammolarni o‘rganish moduli orqali kelib tushgan murojaatlarni mas’ul vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan o‘rganib chiqish va hal etishni ta’minlash maqsadida ular uchun foydalanuvchi kabinetlar tashkil etilishi, 2024- yil 1- oktabrdan doimiy ravishda muammolarni o‘rganish moduli orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash, xotin-qizlarning muammolarini hal etish yuzasidan monitoring yuritilishi haqida ham atroflicha tushuncha berildi.